TOSHKENT, 2 fev — Sputnik. Hukumatning 30 yanvar 2020 yildagi 49-sonli qarori bilan konsullik roʻyxatida turuvchi Oʻzbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berish tartibi belgilandi.
Tasdiqlangan nizomga koʻra, ushbu fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini berish, rasmiylashtirish va almashtirish:
- xorijdagi konsullik muassasalari;
- Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti;
- Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Konsullik muassasalari tomonidan xorijga chiqish biometrik pasporti quyidagi Oʻzbekiston fuqarolariga rasmiylashtiriladi:
- xorijda doimiy yashaydigan va doimiy konsullik roʻyxatida turadigan;
- Oʻzbekiston hududida doimiy yashaydigan va 6 oydan koʻp muddatga xizmat safari, oʻqish, davolanish, kontrakt boʻyicha ishlash, oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga vaqtinchalik yashash uchun chiqqan hamda konsullik muassasalarida vaqtinchalik roʻyxatda turgan.
Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish Oʻzbekiston hududida maʼlumotlarni yigʻish punkti tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 kun muddatda, xorijda esa – diplomatik pochta joʻnatilishi jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.