TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekistonda intensiv bog‘, tokzor va issiqxonalar aholiga lizing va kreditga beriladi. Bu Hukumatning 30-yanvar 2020-yilda qabul qilingan 52-sonli qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi, issiqxonalar quriladi hamda aholiga lizing va kredit shartlari asosida beriladi.
Intensiv bog‘ yoki tokzorlar – ular hosilga kirguncha qadar (turiga ko‘ra) imtiyozli davr bilan, issiqxonalar – 1-yillik imtiyozli davr bilan lizing oluvchiga 7-yilgacha muddatga lizingga beriladi hamda tijorat banklari tomonidan kredit ajratilishi mumkin.
Qaror bilan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar qurish hamda ularni aholiga lizing va kredit shartlari asosida berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tashabbuskorlar murojaati asosida tuman hokimligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan talabgorlarning dastlabki ro‘yxati shakllantiriladi.
Ro‘yxat shakllangach, tuman hokimligi tegishli agentliklarga yoki Jamg‘armaga yozma murojaat qiladi.
Agentliklar, Jamg‘arma ikki oy muddatda intensiv bog‘, tokzor yoki issiqxonani tashabbuskorga lizing yoki kredit shartlari asosida berish uchun lizing tashkilotini yoki tijorat bankini aniqlaydi. Loyihani tasdiqlab, tuman hokimligiga taqdim etadi.
Shu asosda, tuman hokimligi tomonidan 10 kun muddatda intensiv bog‘, tokzor barpo etish uchun 10 gektardan, issiqxona qurish uchun 3 gektardan kam bo‘lmagan yer maydoni 10-yil muddatga vaqtincha foydalanish sharti bilan ajratiladi.