TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Toshkent viloyatining Bekobod shahrida “Isuzu” avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
IIV matbuot xizmatining bildirishicha, hodisa 2-fevral kuni soat taxminan 12:00 larda shaharning Me’mor ko‘chasida joylashgan aylanma harakatlanish joyida sodir bo‘lgan. YTHga avtobusning texnik nosozligi, ya’ni avtobus old shinasining tormozlanib qolishi sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, avtobus ichida 20 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan 3 nafari tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga, 1 nafari esa Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga yuborilgan.
Avtobus Bekobod shahar markaziy bozoridan Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi GES tomonga harakatlanayotgan bo‘lgan. Haydovchi harakatlanish vaqtida hushor holatda bo‘lgani aytilmoqda.