TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yuzasidan tuzilgan maxsus komissiyaning xulosasi e’lon qilindi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 18-dekabr kuni Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishida sodir bo‘lgan avariya oqibatida quruvchilarning halok bo‘lganligi yuzasidan xabar berilgan edi.
Ushbu sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshirish komissiyasi tuzilgan bo‘lib, komissiya tarkibiga Davlat mehnat inspeksiyasi vakili biriktirilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, baxtsiz hodisaga xandak qiyalik devorini mustahkamlash ishlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holatining mavjudligi, yog‘ingarchilik suvlari hamda oqava quvurlaridan sizib chiqqan suvning intensiv tuproqqa shimilishi sabab bo‘lgani aniqlangan.
Maxsus tekshirish komissiyasi tomonidan jabrlanuvchilarning qaromog‘idagi shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 oilaning har biriga 261 million 938 ming 888 so‘mdan, jabrlanuvchi yana bir oilaga 281 million 62 ming 782 so‘m bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik nafaqa pullari ajratilgan.
Shuningdek, marhumlarning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari hisob-kitob qilinib, amalga oshirish uchun ish beruvchilarga taqdim etilgan.