TOShKENT, 1 fev — Sputnik. 2020-yil 31-yanvar kuni “LUKOYL” kompaniyasining xayriya loyihasi asosida barpo etiladigan MTTlarining qurilishi boshlandi, deb xabar qildi Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati.
Toshkent viloyati, Qibray tumanida loyiha asosidagi ushbu MTTlar qurilishiga dastlabki tosh qo‘yilishi bo‘yicha marosim bo‘lib o‘tdi. Qurilish bo‘yicha kelishuv maktabgacha ta’lim vazirligi va “LUKOYL” kompaniyasi tomonidan 2019-yil iyulida imzolangan edi. Loyihani amalga oshirish uchun “LUKOYL” tomonidan ajratilayotgan mablag‘ 12 mln. dollarni tashkil etadi.
Xayriya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining “LUKOYL opereyting kompani” MChJsi ishtrokidagi MTTlarni tashkil etish bo‘yicha chora–tadbirlar haqida”gi №839-sonli farmoniga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra Toshkent hamda Qashqadaryo viloyatlarida alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun reabilitatsiya Markaziga ega bo‘lgan 150 o‘rinli ko‘ptarmoqli MTTlar, Buxoro viloyatida esa 250 o‘ringa mo‘ljallangan umumiy tipdagi MTT qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu MTTlar bolalar qamrovini 550 o‘ringa oshiradi.
“Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, maktabagcha ta’lim tizimining eng dolzarb masalalridan biri hisoblanadi MTV holatni yaxshilash uchun faol harakat qilmoqda. Yangi MTTlar qurilmoqda, mavjudlari ta’mirlanmoqda hamda ularning quvvati oshirilmoqda. MTVga ilgari Maktabgacha ta’lim tizimi strukturasida bo‘lgan, keyinchalik boshqa maqsadlarda ishlatilayotgan binolar qaytarilmoqda.
Biz bugun biznes vakillari bolalarga yordam berayotganidan xursandmiz. “LUKOYL” kompaniyasi tufayli hududlardagi 550 bola sifatli maktabgacha ta’limga ega bo‘ladi. Ushbu reabilitatsiya markazi MTT tarbiyalanuvchilaridan tashqari yiliga professional ko‘makka muhtoj 5-7 ming bolaga ham yordam ko‘rastadi”,– dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin o‘z chiqishida.
Bino va inshoot obyektlarini loyihalash, qurish, jixozlash va ishga tushirish ishlari 2021-yil 1-iyulga qadar amalga oshiriladi.