TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlarini qat’iy tavsiya etdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma’lumotga binoan Xitoy hukumati ko‘rayotgan qat’iy choralarga qaramasdan koronavirusning yangi shakli (2019-nCoV) tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Virusni yuqtirganlar soni 6 mingdan ko‘proqni tashkil qilib, kasallikdan vafot etganlar soni esa 130 nafardan oshdi.
O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va bosh konsulxonasi Uxan shahri va karantin joriy qilingan boshqa shaharlardagi fuqarolar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Markaziy va mahalliy hukumat idoralari bilan birgalikda yuzaga kelayotgan muammolar, shu qatorda maishiy masalalarni tezkorlik bilan hal qilmoqdalar.
“Vatandoshlarimizning sog‘lig‘iga bo‘lgan ehtimoliy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston fuqarolariga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlari qat’iy tavsiya etiladi”, - deyiladi TIV xabarida.
TIV Xitoydagi fuqarolarga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yahayev), +86 139 1175-4476 (Shuhrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tgan.