TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Berlin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniyaning “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusiga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu tashabbus doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘onistonda iqlim o‘zgarishi salbiy tasirini yumshatishga qaratilgan qo‘shma loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Forumda Germaniya, Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari, taniqli iqlimshunos muttaxassislar, shuningdek ilmiy va jamoat doiralari, biznes va OAV vakillari ishtirok etdi.
Kamilov o‘z nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mavjud va ehtimoliy tahdidlar, shuningdek, cheklangan suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejaydigan va ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha mamlakatda ko‘rilayotgan choralar haqida so‘zlab berdi.
Orol dengizining ekologik falokatining salbiy oqibatlarini yumshatish masalasi, xususan, O‘zbekistonning Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etildi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Unda “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusini amalga oshirish doirasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy tamoyillari aks ettirilgan.