TOShKENT, 29 yanv - Sputnik. Dilshod Saidjanov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Bugun AOKAda prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Majlisda AOKA direktori v.b. Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini Prezident Administratsiyasiga kiritishgani va Prezident Administratsiyasi tomonidan ushbu murojaatlari ko‘rib chiqilib, qondirilgani haqida e’lon qilingan.
Majlis yakunida Nizomiddinov Agentlik tomonidan erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidlab, Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevalarning respublika OAV sohasida demokratik islohotlarni amalga oshirishda, jurnalist va blogerlarning huquqlarini himoya qilishda, davlat organlari rahbarlarining mass-media bilan o‘zaro munosabatlari samaradorligini oshirishdagi shaxsiy hissalarini yuqori baholab, O‘zbekiston davlati rivojlanishi yo‘lidagi kelgusi ishlariga zafarlar tilagan.