TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. Rossiya va Belorussiyada yagona valyuta 2030-yildan keyin kiritiladi deb hisoblaydi, Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Viktor Vodolaskiy.
Rossiya va Belarusda yagona valyuta joriy etish bundan 20-yil oldin, 2000-yilning 26-yanvarida imzolangan Ittifoqchilik shartnomasida aytib o‘tilgan. Bu masala uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelinmoqda. 2019-yil davomida Moskva ham Minsk ham yagona valyuta joriy etish tarafdori ekanliklarini bildirishdi.
“Ayni damda ushbu masalaga doir hujjatlarning 90 % imzolangan. Lekin ayrim masalalar haligacha muhokama qilinmoqda. Menimcha yagona valyuta 2030-yildan so‘ng kiritilishi mumkin. kelishuvlar shunchalik sekin ketmoqda”, - dedi Vodolaskiy RIA Novostiga.
Rossiya Dumasining yana bir vakili, Xalqaro ishlar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Andrey Klimov aytishiga qaraganda Rossiya va Belorussiya ittifoqi sobiq SSSR hududida tashkil etilgan eng muvaffaqiyatli uyushma. O‘tgan yillar mobaynida ikki davlat barcha sohalarda imkon qadar yaqinlashishga muvaffaq bo‘lishgan.
"Rossiya va Belarus integratsiya jarayonini boshlagan birinchi davlatlar bo‘lgani tufayli turli qiyinchiliklarga duch kelayotgani tabiiy hol. Yagona valyuta yaratish - ana shunday qiyin masalalardan biridir. Asosiy muammo ikki davlat iqtisodining hajmi turlicha ekanligida", - deydi senator.
Klimov aytishiga qaraganda, agar Rossiya va Belarus yagona valyuta joriy etsa, ikki davlat iqtisodi masshtablarini hisobga olgan holda, ittifoq moliya tizimida Rossiyaning roli kuchayadi. Buni Minsk yaxshi tushunadi.
"Boshqa tomondan olganda, iqtisodimiz hajmi eng katta bo‘la turib, rubldan boshqa yagona valyuta joriy etish - bu Rossiya moliya tizimini ushbu integratsion loyihaga "qaram" qilib qo‘yishi mumkin. Agar bizning iqtisodimiz teng hajmli bo‘lganda - boshqa gap edi", - deydi senator.
Shu bilan birga Xalqaro qo‘mita vakili, samarasiz integratsiya misoli sifatida Yevropaga qo‘shilgan ayrim sobiq SSSR respublikalarini keltirdi.
"O‘z vaqtida Boltiqbo‘yi davlatlarini Yevropaga shosha-pisha qo‘shilib oldi. Oqibatda esa, ushbu davlatlarda ishlab chiqarish kamayib ketdi, YeIdan moliyaviy yordam cheklangan miqdorda olinmoqda, ular aholisining uchdan biri ish izlab chet elga chiqib ketgan", - dedi Klimov.
Senator aytishiga qaraganda, umumiy hisobda Rossiya va Belarus integratsiyasida ijobiy tomonlar juda ko‘p. Xususan, Rossiya va Belarus Ittifoqchilik shartnomasi asosida mudofaa, sanoat, tibbiyot va madaniyat va boshqa ko‘plab sohalarida samarali hamkorlik qilishmoqda.