TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga guvohnoma hamda ko‘krak nishonlari topshirildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, tadbirda MSK a’zolari, yangi saylangan deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.
Parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, MSK O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatini va Senatining 97 nafar a’zosini ro‘yxatga oldi. Senat a’zolarining 13 nafari Shavkat Mirziyovning 17-yanvardagi farmoniga asosan tayinlangan.
Marosimda MSK raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov milliy parlamentning yangi saylangan va prezidentning farmoniga binoan tayinlangan a’zolarini xalq vakili bo‘lishdek sharafli maqomga musharraf bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.
Tadbirda parlament a’zolari endi o‘zining bor kuch-g‘ayrati, ulkan ilmiy, ijodiy va yetakchilik salohiyatini hamda insoniy fazilatlarini xalqning va mustaqil O‘zbekistonning ravnaqi yo‘lida safarbar etadi, degan umid bildirildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining birinchi majlislari shu yilning 20-yanvar kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.