TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki nafar YPX inspektorlarini urib yuborgan haydovchi qo‘lga olindi.
IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra,18 yanvar kuni soat TXAY - Durmon yo‘li ko‘chalari chorrahasida termizlik 27 yoshli haydovchi D.Sh. ishonch qog‘ozi asosida “Spark” rusumli mashinasini xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib ketayotganligi sababli YPXB inspektori B.S. unga to‘xtash to‘g‘risidagi ishorasini bergan. Haydovchi xodimning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan urib yuborib, voqea joyidan ketib qolgan.
So‘ngra Ziyolilar - T.Malik ko‘chalari chorraxasida uni to‘xtatish maqsadida oldiga chiqqan YPXB inspektori O‘.Q.ning ham qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Uni ham urib yuborib, voqea joyidan yashiringan.
Natijada O‘.Q. olgan tan jarohati tufayli IIV Markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida haydovchi D.Sh. ushlangan. Haydovchining hujjatlari tekshirilganda transport vositasini qayd etish guvohnomasi bo‘lmagan.
Hozirda prokuratura idoralari tomonidan tergovoldi tekshiruv-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.