TOSHKENT, 18 yanv - Sputnik. Bugun 18 yanvar kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining majlisi boʻlib oʻtmoqda, partiya matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Majlisda Oʻzbekiston bosh vaziri lavozimiga nomzod etib Abdulla Aripov taklif qilindi. Maʼlumki, OʻzLiDep, saylovda Oliy Majlis quyi palatasiga eng koʻp ovoz jamlagan partiya sifatida bosh vazir nomzodini taklif qilish huquqiga ega.
Siyosiy kengash majlisida partiya faollari, saylangan deputatlar, Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, partiyaning hududiy kengashlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etyapti. Majlisni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi A.Xaitov olib bormoqda.