TOShKENT, 17 yanv – Sputnik. O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida vatanparvarlik oyligi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati ofitseri ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning turli nuqtalarida Milliy gvardiya tizimidagi barcha boshqarmalar, harbiy qism, bo‘linmalar, harbiy xizmatchi va xodimlar tomonidan maxsus tadbirlar uyushtirilgan.
Vatanparvarlik oyligi doirasida 1 oy mobaynida shahar, tuman markazlarida mahalliy aholi uchun harbiy parad va festivallar, musiqiy dasturlar, qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishlari, yugurish marafonlari, targ‘ibot tadbirlari hamda aksiyalar bo‘lib o‘tgan.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar va ularning yaqinlari o‘rtasida “Askar onalarini sharaflaymiz!” mavzusida videomuloqotlar o‘tkazilgan.
Bundan tashqari mazkur tadbirlar turli pog‘onadagi ta’lim muassasalari, mehribonlik va muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari uchun yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan harbiy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar namoyish etilgan.
Jumladan, ko‘rgazmalar uyushtirilgan, uch avlod uchrashuvlari, muzey, teatr va harbiy qismlarga ekskursiyalar, sport musobaqalari hamda tanlovlar tashkil etilgan. Tanlovlarda eng faol va g‘olib bo‘lgan yoshlarga sovg‘alar topshirilgan.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari ikkinchi jahon urushi qahramonlari va mehnat faxriylari, xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan xizmatdoshlarining oila a’zolari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari holidan xabar olib, ularga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Vatanparvarlik oyligi doirasida harbiy xizmatchi va xodimlarning o‘zi uchun ham tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, konsert dasturlari tashkil etilgan.