TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Tailandda o‘tayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo chempionatida 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi chorak final yo‘llanmasi uchun Janubiy Koreyaga qarshi kurash olib bordi.
O‘yinning 5-daqiqasida raqib o‘yinchisi Jeong Seungvon uchrashuvda hisobni ochishga erishdi. Qizg‘in kechgan bahsning 21-daqiqasida qanotdan uzatib berilgan to‘pni Bobir Abduxoliqov raqib darvozasiga joylab qo‘ydi va hisob tenglashdi.
Ikkinchi bo‘limda Ox Sexun o‘zbektisonliklar darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Shu tariqa o‘yin raqiblarning foydasiga hal bo‘ldi.
Janubiy Koreya termasi 9 ochko bilan “S” guruhini birinchi o‘rinda yakunladi. O‘zbekistonliklar esa 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, chorak final ishtirokchisiga aylanishdi. Musobaqada Eron terma jamoasi ham 4 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. To‘plar nisbati borasidagi ustunlik O‘zbekiston jamoasiga foyda berdi. Shu tariqa Xitoy va Eron termalari musobaqani shu nuqtada yakunlashdi.