TOShKENT, 15 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda maxfiy hisoblangan ayrim xaritalar, geografik axborot tizimlaridan ochiq foydalanish bo‘yicha cheklovlar olib tashlanadi. Bu haqda “Davlatergeodezkadastr” qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hukumat qarori bilan O‘zbekistonda maxfiy bo‘lgan ayrim xaritalardan ochiq foydalanish imkoni yaratiladi. Topografik xaritalarning maxfiylik darajasi keskin pasaytirilib, mahalliy koordinatalar tizimida tayyorlangan topografik xaritalar maxfiyligiga chek qo‘yiladi.
Mahalliy koordinatalar tizimida tayyorlangan barcha masshtabdagi topografik xaritalardan bir viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqiyosida ochiq foydalanish imkoni bo‘ladi.
Shuningdek, aero va kosmik syomka materiallaridan respublika miqiyosida foydalanish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlanadi. Ushbu koordinatalar tizimlarida tayyorlangan barcha masshtabdagi topografik xaritalardan butun respublika miqiyosida ochiq foydalanish mumkin bo‘ladi.
Shaharlar va shaharchalarda 10 kv.km.dan (1 000 gektar) ziyod bo‘lgan hudud uchun topografik xaritalarning maxfiyligi darajasi olib tashlanib, iqtisodiyotning turli sohalarida maxsus va tematik xaritalardan foydalanishga sharoit yaratiladi.