TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiyaga oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashriflar yakunida, xususan, BBA bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq, Yaponiya bilan esa 6 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Yig‘ilishda BAA kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar bugun o‘z natijasini berayotgani ta’kidlandi. Bunday ijobiy natijalar BAA hamda Yaponiya ishtirokidagi boshqa ko‘plab loyihalarda ham kuzatilmoqda.
“Xususan, BAA ishtirokida 1 milliard dollarlik kapitalga ega “The Abu Dhabi Uzbek Fund” investitsiya fondi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kichik va o‘rta loyihalarni, shuningdek, Samarqand shahrida mehmonxona qurish, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish ma’qullandi”, - deyiladi xabarda.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablag‘larini jalb qilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kredit mablag‘lari hisobidan “Ma’lumotlarni saqlash va ularga ishlov berish markazlari (data-markazlar) tashkil etish”, “Paketli kommutatsiya xalqaro markazlarini kengaytirish”, “Telekommunikatsiya transport tarmog‘i va ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini kengaytirish”, “Radiotarmoqni modernizatsiya qilish” loyihalarini amalga oshirish uchun 180 million dollar mablag‘ jalb etishni rejalashtirgan.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish chog‘ida tashriflar natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xarita”lariga muvofiq 2020-yil uchun belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hisoboti eshitildi, aniq chora-tadbirlar belgilandi.