TOShKENT, 14 yanv - Sputnik. Taniqli dizayner Nariman Grigoran jasadi ijarada turgan uyidan qotillik alomatlari bilan topilgan, deb xabar berdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.
Xabarda aytilishicha, 2020-yil 14-yanvar kuni soat 11:50 larda Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Yashnobod tumanida joylashgan xonadonning mehmonxonasidan, ushbu xonadonda ijarada istiqomat qilib kelgan 1985-yilda tug‘ilgan A.N. (Nariman Grigoran) ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.
"Mazkur holat yuzasidan shu kuni Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga olinib, malakali tergovchilaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda", - deyiladi xabarda.
Natijasi haqida qo‘shimcha axborot berilishi kutilmoqda.