TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Buxoroda ishdan g‘ayriqonuniy ravishda bo‘shatilgan xodim o‘z ishiga tiklandi. Uning ish haqi va ma’naviy zarari MIB tomonidan undirib berildi. Bu haqda Majburiy ijro bo‘limi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, R.Q. Qorovulbozor tuman Obodonlashtirish bo‘limidan g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan. Fuqaro majburiy “progul” uchun ish haqi va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Sud ishni fuqaro foydasiga hal qilgan.
Shundan so‘ng R.Q.ni Qorovulbozor tumani bo‘limiga ishga tiklash va uning foydasiga qarzdordan majburiy “progul” uchun 3 mln. 254 ming so‘m ish haqini undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlar olib borilgan.
Natijada fuqaro o‘z ish o‘rniga qayta tiklanib, uning ish haqi va yetkazilgan ma’naviy zarar pullari to‘liq undirib berilgan.