TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Parhezshunos shifokor Irina Toropigina E1.ru portaliga ozishda yordam berishi mumkin mahsulotlar haqida so‘zlab berdi, deya yozadi RIA Novosti.
Mutaxassis ratsionni xilma-xil mevalar, jumladan, ananas bilan boyitishni tavsiya qiladi. Ananasda hazm qilishni yaxshilovchi va yog‘li to‘qimalar hosil bo‘lishini kamaytiruvchi foydali ferment bromelayn mavjud.
Shifokor greyfrut mevasi insulin miqdorini meyoriga keltirishga va immunitetni mustahkamlarga qodirligini ta’kidladi. U mevaning yupqa pardasidan tozalamaslikni maslahat berdi. Zeroki, unda metabolizm jarayonini tezlashtiruvchi va safro haydaydigan ta’sirga ega naringin moddasi bor.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ziravorlar ham ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi. Masalan, zanjabil ovqat hazm qiluvchi bezlarning ferment ishlab chiqarishini kuchaytiradi. Ular esa o‘z navbatida taomning parchalanishi jarayonida ishtirok etishadi.
Shuningdek, shifokor taom tayyorlashda dolchin ishlatishni maslahat bergan. Dolchin qondagi shakar darajasini bir xil tutib turadi va to‘yganlik hissini beradi.
Toropigina sanab o‘tilgan mahsulotlarning foydali xususiyatlariga qaramasdan ularni meyorida iste’mol qilish lozimligini eslatib o‘tgan.