TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. Ikki nafar yo‘lovchining halok bo‘lishiga va yana ikki nafar yo‘lovchining haydovchi bilan birga shifoxonaga tushishiga sabab bo‘lgan "BMV" rusumli avtomobil haydovchisining shaxsi aniqlandi, deb xabar qilmoqda Toshkent IIBB.
"9-yanvar kuni taxminan soat 23.20 da Bunyodkor ko‘chasida sodir bo‘lgan YTH oqibatida "Lasetti" rusumli avtomobilning ikki nafar yo‘lovchisi halok bo‘lganiga, yana ikki nafar yo‘lovchisi haydovchi bilan birga shifoxonaga tushishiga sabab bo‘lgan «BMV” rusumli avtomobil haydovchisining shaxsi aniqlandi", - deyiladi xabarda.
U 30-yoshli Nurbek T. ismli shaxs ekanligi aytilmoqda. Hozirgi vaqtda u ko‘lga olingan.
YTH vaqtida Nurbek T. spirtli ichimlik ta’siri ostida bo‘lgan, bu haqda narkologik ekspertizaning xulosasi bor. Qo‘lga olingan shaxsning yuzida YTH vaqtida yetgan va jiddiy bo‘lmagan tan shikastlari mavjud, deyiladi xabarda.
Sud Nurbek T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘lladi. Tergov davom etmoqda.
Mudhish YTH 9-yanvar kuni kechasi 23.20da Toshkentdagi Bunyodkor ko‘chasida yuz bergan edi. Avariya oqibatida Chevrolet Lacetti ning ikki nafar yo‘lovchisi halok bo‘lishdi. Ular yonayotgan mashina ichidan chiqa olishmadi va tiriklay yonib ketishdi. Yana ikki nafar yo‘lovchi, shu jumladan, haydovchi kasalxonaga yotqizildi.