TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga tegishli bo‘lmagan mol-mulklar xatlovdan chiqarib tashlandi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.
O‘tgan yilning 9 va 13-avgust kunilari qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi doirasida 135 ta mol-mulk xatlangan edi.
“Hozirda o‘tkazilayotgan surishtiruvlar hamda tergov harakatlarini inobatga olib, Harbiy prokuratura Almazbek Atambayevga tegishli bo‘lmagan mol-mulk qismini xatlovdan chiqardi. Shu bilan birga shuni ma’lum qilamizik, Almazbek Atambayevning turmush o‘rtog‘i Raisa Atambayevning hisob-kitob (oylik) hisoblariga taqiq qo‘yilmagan”, - deyiladi xabarda.
Batukayev ishi
Aziz Batukayev 2006-yilning avgust oyida Alamudin tuman sudi hukmi bilan 16-yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, uning molu mulki musodara qilingan. Batukayev 2006-yilda Bishkek shahri yaqinida koloniyada ommaviy tartibsizlik uyushtirganlikda va hujum paytida Qirg‘iziston parlamenti deputati Tinichbek Akmatbayev, jazoni ijro etish boshqarmasi rahbari Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki nafar xodimini o‘ldirishda ayblangan. Aziz Batukayev 2013-yil 9-aprelda “og‘ir kasallik” tufayli shartli ravishda ozod qilingan. U bundan foydalanib, Qirg‘iziston hududini tark etgan.
Qirg‘iziston IIV ma’lumotiga ko‘ra, Batukayev hozirda Chechenistonda noqonuniy qurol saqlagani uchun jazo muddatini o‘tamoqda.
“Jinoiy avtoritet”ga nisbatan jinoiy ishni qayta qo‘zg‘atilganini 17-aprel kuni Qirg‘iziston bosh prokurori Otkurbek Jamshitov ma’lum qildi.