TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 6-yanvar kuni viloyat yoshlari bilan uchrashdi, deb xabar qildi Sputnik tahririyatiga viloyat hokimligi axborot xizmati.
Videokonferensiya uslubida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda barcha barcha tumanlar va shahar yoshlari ham ishtirok etishdi. Uchrashuv chog‘ida viloyat hokimi, 2020-yildan boshlab viloyatda hayotga tadbiq etiladigan yoshlar masalalariga oid yangi dasturni e’lon qildi.
Dasturga ko‘ra, Namanganda Hokim rahbarligida yoshlar muammolarini o‘rganuvchi ishchi guruh tashkil qilinadi. Shuningdek, “Yoshlar murojaati” vebsayti orqali viloyat yoshlariga har qanday muammo va taklif bilan viloyat hokimiga murojaat qilish imkonini beradi.
Undan tashqari, respublika oliygohlarda o‘qiyotgan 100 ta iqtidorli talabaning hamda xorijiy oliygohlarda tahsil olayotgan 10 nafar talabalarning kontrakt to‘lovlari viloyat hokimligi tomonidan to‘lab beriladi. Bunday imtiyoz taqdim etilgan yoshlar bilan o‘qishni tamomlagach, o‘z sohasida 5-yil viloyat hududida ishlab berish yuzasidan shartnoma imzolanadi.
Yana bir tashabbus: Namangan viloyatining har bir tumanida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yangi sport majmualari tashkil etiladi. Shuningdek 2020 yilda ommaviy sportni keng targ‘ib qilish maqsadida Respublikada birinchi bor Olimpiada sport turlarini qamragan “Mahalliada-2020” sport o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Viloyatdagi korxonalar, tashkilotlar, yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarda umumiy miqdori 1000 tadan iborat viloyat hokimi kvotasi ish o‘rinlarini yaratiladi.