TOShKENT, 5 yanv – Sputnik. Bugun, 2020-yil 5-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25 saylov okrugida takroriy ovoz berish boshlandi. Bu haqda Sputnik muxbiri MSK tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanidan xabar qildi.
“Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, bu saylovlarda beshta partiya nomzodlari orasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 125 deputat saylangan, deb topildi. O‘z navbatida, 25 deputatlik o‘rni uchun takroriy ovoz berish haqida qaror qabul qilindi”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25 ta Saylov okruglaridagi 1730 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.
Ushbu okruglardagi saylovchilar soni 3 million 148 ming 921 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 95 ta Saylov okrugidagi 1104 ta saylov uchastkasida hamda Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 587 ta Saylov okrugidagi 1117 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish bo‘lib o‘tadi.
“Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jami 5 mingdan ortiq kuzatuvchilar ham saylovlarni bevosita kuzatmoqda”, - deb ta’kidladi MSK raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov.
Ayni paytda barcha saylov okruglari va saylov uchastkalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.