TOShKENT, 3 yanv - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev “Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi. Qonun bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qonunga muvofiq, 2007-yilda qabul qilingan Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar 2020-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.
2020 yilning 1-yanvarigacha qabul qilingan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi.
Qonunga ko‘ra, yagona ijtimoiy to‘lov, yagona soliq to‘lovi va qat’iy belgilangan soliq o‘rniga tegishlicha ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq hamda qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kiritilmoqda.
Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan QQS summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQS summasining o‘rnini qoplash 2020-yilning 1-iyulidan e’tiboran amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchi 2020-yil 1-yanvarga qadar hosil bo‘lgan zararni kelgusiga, ushbu zarar ko‘rilgan soliq davridan keyingi 5-yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ko‘chirishni amalga oshirishga haqli.
Bunda, har bir keyingi soliq davrida hisobga olinadigan o‘tkazilayotgan zararning jami summasi joriy soliq davridagi soliq bazasining 50 foizidan oshishi mumkin emas.