TOShKENT, 30 dek - Sputnik. Yangi yil bayrami va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar hamda o‘rta tibbiyot xodimlarining navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
Prezidentning farmoniga muvofiq 31-dekabr, 1 va 2-yanvar kunlari dam olish kuni deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, aynan shu kunlari tibbiyot muassasalari shifokorlari va o‘rta tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida ishlaydi, deyilgan xabarda.
Sog‘liqni saqlash tizimida mavjud bo‘lgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 2351 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari va mavjud 218 ta tug‘ruq komplekslari xodimlari shular jumlasidandir.
Ular orasida shoshilinch tibbiy yordam shifoxonalari va “tez yordam” xizmati esa odatdagi tartibda bir maromda uzluksiz ishlaydi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiallari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining barcha bo‘limlarida aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, ayni damda tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirilgan. Natijada tez yordam brigadalarining xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 km.dan 8-12 km.gacha qisqarib, mamlakatdagi har 13 ming aholiga yagona maxsus tez yordam mashinasining xizmat ko‘rsatishi ta’minlangan.