TOShKENT, 30 dek – Sputnik. O‘zbekiston pul-kredit statistikasi ma’lumotlari 2019-yilning dekabr oyidan boshlab kengaytirilgan shaklda e’lon qilinadi. Bu haqida Markaziy bank xabarida aytib o‘tilgan.
Yangi ma’lumotlar Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) pul-kredit va moliyaviy statistika bo‘yicha texnik ko‘mak missiyasi bilan hamkorlikda XVJning yangi tahrirdagi “Pul-kredit va moliyaviy statistikasini shakllantirish bo‘yicha qo‘llanmasi” talablaridan kelib chiqqan holda tarqatiladi.
Xususan, yangi statistik ma’lumotlar tarkibida quyidagi o‘zgarishlar bo‘ladi:
- tijorat banklarining Markaziy bankdagi chet el valyutasidagi vakillik hisobvarag‘idagi mablag‘lar pul bazasi tarkibiga kiritildi;
- fuqarolarning aksiyadorlik tijorat Xalq bankida ochilgan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘lar, ulardan mablag‘ egalarining istalgan vaqtda foydalanish imkoniyati chegaralanganligi sababli, pul massasi tarkibidan chiqarildi;
- O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga berilgan kredit mablag‘lari tijorat banklarining Hukumat oldidagi majburiyatlari sifatida qayta tasniflandi;
Shuningdek, Markaziy bank veb-sayti, XVJning kengaytirilgan Ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi (k-MTUT) hamda boshqa statistik axborot tizimlarida joylashtirilgan pul-kredit statistikasi bo‘yicha tarixiy ma’lumotlar ham yangilangan shaklda qayta joylashtirilishi ma’lum qilinadi.