TOShKENT, 26 dek - Sputnik. O‘zbekistonga YeOIIga kirish foydaliroq bo‘lgan bo‘lardi, hozir bu masala faol muhokama qilinmoqda. Bu haqda RIA Novostiga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ma’lum qildi.
“Hozir bu masala juda sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda. O‘rganishlar keyin taroziga solib ko‘riladi va, tabiiy, qaror qabul qilinadi”, - dedi Ilhom Ne’matov.
“O‘zbekistonning iqtisodiyoti, sanoati, qishloq xo‘jaligi o‘smoqda. Eksport hajmi oshmoqda. Bizga bozor, maydon kerak. Bu maydon qayerda? Bu maydon Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘izistonda va ular YeOII a’ozlaridir. Shuning uchun to‘g‘risini aytaman – men ishtirok etish tarafdoriman. Faqatgina iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqqan holda... Yana bir ahamiyatga ega bo‘lgan omil – demografiya. Aholi o‘smoqda, yiliga 700 ming kishiga ko‘paymoqda. Tabiiy, biz 700 mingni proporsional ish bilan ta’minlay olmaymiz. Bu nimaga olib keladi? Migratsiyaga. Xalqimiz qayerga migratsiya qiladi? Rossiyaga, Qozog‘istonga. Ushbu omil ham O‘zbekistonning YeOII bilan yaqin aloqalarni saqlashini belgilaydi. U yerda a’zolar (mamlakatlar) uchun, migrantlar uchun boshqa sharoitlar. Shu bois men ushbu sharoitlardan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz lozim deb hisoblayman”, - deya qayd etdi u.
Ne’matovning taxminlariga ko‘ra, bu boradagi muzokaralar yaqin kunlarda yakunlanishi mumkin.
“Hozir, fikrimcha, (masala) tezlashtirilmoqda. Yaqinda, dekbr boshida Siluanov jamoasi (Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov – tahr.) Samarqandda bo‘lgan edi. Demak, muzokaralar olib borilmoqda. Ehtimol, tez orada yakunlanadi. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda yakunlashadi”, - dedi Ne’matov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov mamlakat agar foydali bo‘lsa, YeOIIga qo‘shilishini ma’lum qilgan edi.