TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekistonda ajralishlar soni bo‘yicha joriy yilda 23000 ta holat qayd etilgan. Bu haqda Adliya vazirligining axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, FHDYo organlarining nikohi bekor qilingan holatlar bo‘yicha 2019-yil statistikasida ajralishlar soni 23000 ga yetgan. Shu davrning o‘zida 195 mingta nikoh qayd etilgan.
Xo‘sh, bu darajada ko‘rsatkichning qayd etilishiga qanday sabablar asos bo‘ldi?
Savol yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Dildora Karimova shunday deydi:
Biz ajrimlar sabablarini to‘rt yo‘nalishga bo‘lib o‘rgandik. Chunki asosan ajrimlarni shu yo‘nalishlardagi sabablar keltirib chiqarayotganini aniqladik. Birinchidan psixologik jihatdan sabablar o‘rganilganda, avvalo oiladagi doimiy nizolarning sabab bo‘lishi, oila a’zolarining er-xotin munosabatlariga doimiy aralashuvi, er va xotin o‘rtasida hurmatning yo‘qligi tufayli ajrim yuzaga keladi.
Ikkinchi tur sababi esa ma’naviy-axloqiy tarbiyaning sustligi, xiyonat, ayolga nisbatan zo‘ravonlik, unga haddan ortiq yumushlar va majburiyatlarning yuklanishidir.
Uchinchi sababi, oilaning moddiy holati bo‘lib, yetishmovchiliklar, oiladagi uy-joy sharoitining qoniqarsizligi, erkakning oilasini moddiy ta’minlamasligi, mehnat migratsiyasi ya’ni er yoki xotinning chet elga ketganligi va oilasi bilan aloqani uzgani tufaylidir. Oila buzilishining oxirgi sabablaridan biri esa bu sog‘lik va nogironlikka bog‘liq bo‘lgan muammolar va befarzandlikdir.
Aytish joizki, har bir hududning o‘ziga xos ajrim sabablari mavjudligi sababli, foiz darajasida ham statistika ko‘rsatkichlari turlicha. Biroq, respublika bo‘yicha 50 foizdan ko‘proq ajrimlarni oiladagi doimiy nizolar tashkil etishi tasdiqlandi.