TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Hokimlar turar joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazish huquqidan mahrum qilinishlari mumkin.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Uy-joy kodeksi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilingan.
Kodeksning 15-moddasidagi (Turar joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazish) “tumanlar va shaharlar hokimlarining qaroriga binoan” degan so‘zlar “tumanlar (shaharlar) qurilish bo‘limlarining ruxsatnomasiga binoan” degan so‘zlar bilan almashtirish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, amaldagi tahririga ko‘ra yashash uchun yaroqli bo‘lgan turar joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq alohida hollarda mulkdorning yoki u vakolat bergan organning arizasiga ko‘ra tumanlar va shaharlar hokimlarining qaroriga binoan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.