TOShKENT, 22 dek – Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov saylovlarda ishtirok etgan saylovchilarning umumiy soni haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlanishicha, saylovda saylovchilarning 18 million 797 ming 810 nafaridan 13 million 355 ming 911 nafari (71,1 foizi) ishtirok etgan.
Saylov kodeksiga muvofiq saylovda 33 foiz saylovchi ishtirok etsa, saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi.
"23 dekabr kuni soat 14:00 da bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylovning dastlabki natijalari e’lon qilinadi",- deb ta’kidladi MSK raisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda parlament saylovida ilk bor beshta siyosiy partiya ishtirok etdi: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi.