TOShKENT, 21 dek - Sputnik. A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lida qor ko‘chkisi xavfi mavjud bo‘lganligi bois “Qamchiq” dovonida avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatildi, deb xabar qilmoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Ta’kidlanishicha, dovondan o‘tishga ulgurmagan avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanidagi mavjud umumovqatlanish shoxobchalariga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ular uchun barcha sharoitlar (issiq ovqat, ichimlik suvi, dam olish joylari) yaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2019-yil 19-dekabrdan 23-dekabr kuniga qadar O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi kuzatilishi xabar qilingan edi.