TOShKENT, 21 dek - Sputnik. Bojxonachilar yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh a’zolarini qo‘lga olishdi.
Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, “Toshkent” xalqaro aeroportida xorijiy davlatga parvozi oldidan 4 nafar xorijiy davlat fuqarolari – M.T., S.M., Ya.A. va N.N.larning qo‘l yuklari va egnidagi kiyimlari ko‘zdan kechirilgan.
Ularning xatti-harakatlari va bezovtalanishlari eroportdagi bojxona postiga o‘rnatilgan inson tana a’zolarini skanerlovchi “Body scanning” qurilmasi orqali ko‘zdan kechirilishiga sabab bo‘lgan. Qurilma ushbu yo‘lovchilarning yo‘g‘on ichak kanallarida yot jismlar borligini ko‘rsatgan.
Oydinlik kiritish maqsadida ushbu shaxslar Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelinib, shifokorlar tomonidan xolislar ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Ko‘rik natijasida ularning ichki a’zolariga maxsus o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi va chiqarib olindi.
“Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 4 nafar narkokuryerlarning ichki a’zolarida yashirilgan jami 268 ta o‘ramlar ichida umumiy vazni 4 kg. 152,52 gr.ni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlandi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ham yana bir narkokuryer qo‘lga olingan. M.M.ismli shaxsning ichki a’zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 1 kg 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, bojxonachilar “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan S.M.ning qing‘ir rejasini fosh etishgan. Shaxs o‘z ichki a’zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasini yashirgan. Shundan so‘ng unga mazkur giyohvandlik vositalarini yetkazib bergan jinoiy sherigi xorijiy davlat fuqarosi Q.R.ham ushlangan.
Tezkor tadbirlar natijasida umumiy og‘irligi 5 kg. 739 gr.dan ortiqni tashkil etuvchi geroin hamda opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o‘tmoqchi bo‘lgan jami 7 nafar narkokuryerlar hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo‘lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarolari qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlar qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.