TOShKENT, 19 dek – Sputnik. “Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tuzilmasida Situatsion-tahliliy markaz tashkil etildi.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri transport va turizm obyektlari hamda ularga tutash hududlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, jamlash va tahlil qilish hisoblanadi.
2021 yil 1-yanvarga qadar transport obyektlarida xavfsizlikni ta’minlovchi profilaktika inspektorlari mobil videoregistrator hamda qidiruvdagi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega planshetlar bilan, patrul-post xizmati xodimlari esa mobil videoregistratorlar bilan ta’minlanadi.