TOShKENT, 17 dek – Sputnik. Jismoniy shaxslardan bo‘lgan qarzdorliklarni bank hisobraqamlaridan hisobdan chiqarish va taqiq qo‘yish amaliyoti 2020-yilning 1-iyul kuniga qadar to‘xtatilgan. Bu haqda bugun, 17-dekabr kuni “Jismoniy shaxslarning hisobraqamlariga qo‘yilayotgan taqiq masalalari” mavzusida bo‘lib o‘tgan brifingda ta’kidlab o‘tildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston prezidentining 15.02.2018 yilgi farmoniga asosan, energiya resurslaridan bo‘lgan qarzdorliklarning har oyda, eng kam ish haqining ikki baravaridan oshmaydigan summada iste’molchi hisobraqamlaridan undirish nazarda tutilgan.
Ammo aholi e’tirozlarining oldini olish maqsadida va tegishli sud qarori bo‘lmagan holatda energiya resurslari uchun qarzdorlikni hisobraqamlaridan yechib olish ijrosi joriy etilmagan.
Shuningdek, jismoniy shaxslardan bo‘lgan qarzdorliklarni bank hisobraqamlaridan hisobdan chiqarish va taqiq qo‘yish amaliyoti 2020-yilning 1-iyul kuniga qadar to‘xtatilgan.