TOShKENT, 10 dek – Sputnik. Kelayotgan parlament saylovida Rossiyada 8ta turg‘un saylov uchastkalari ochiladi, dedi O‘zbekistonning Rossiyadagi bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov, kecha Moskvadagi elchixonada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni hamda saylovlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
Bosh konsul aytishiga qaragandan o‘tgan saylovda Rossiya hududida 2ta saylov uchastkasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, ushbu saylovlarda turg‘un saylov uchastkalari soni 8ta bo‘ladi.
“Sankt-Peterburg, Vladivostok, Qozon, Yekaterinburg, Rostov-na-Donu, Novosibirsk shaharlarida ochilgan yangi bosh konsulxonalarda hamda Moskvadagi elchixona va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarida jami 8ta saylov uchastkalari ochiladi. Undan tashqari bizda 12-18 dekabr kunlari, O‘zbekiston fuqarolari ommaviy yashaydigan va ishlaydigan yotoqxonalar va korxonalarda muddatidan oldin ovoz berish tashkil qilinadi”, - dedi Xayriddinov brifingda.
Bu safargi saylovlarga fuqarolar katta qiziqish bildirishmoqda, saylov komissiyasiga oldindan saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatlari haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda, - deydi bosh konsul.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy xalq deputatlari kengashlariga yagona saylov kuni - 22-dekabrda belgilangan. Ushbu saylovlarda boshqa hudud va chet ellardan vaqtincha yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun ular saylovdan oldin saylovchilar yagona elektron ro‘yxatidan o‘tishlari kerak. Ro‘yxatdan onlayn o‘tish ham mumkin.