TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 2020-yil uchun O‘zbekiston Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi.
Qonun bilan 2020-yilda budjet jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida budjet vakolatlari taqsimlandi.
Shuningdek, budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirish kiritish tartibi belgilandi.
Qonun bilan respublika budjetining daromadlari prognozi va xarajatlari, mahalliy budjetlarning daromadlari va xarajatlari prognozlari belgilandi.
2020 yil uchun ayrim soliqlar va to‘lov stavkalari tasdiqlandi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari, mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari kabilar shular jumlasidandir.
Qonunga ko‘ra, bir qator xarajatlar respublika budjetidan moliyalashtirishga, ayrim xarajatlar mahalliy budjetdan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.
Jumladan, fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha xarajatlar tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.