TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Ukrainaning sobiq prezidenti Potr Poroshenko bo‘lajak “normand to‘rtligi” sammitidan xavotirda va amaldagi davlat rahbari Vladimir Zelenskiyga Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashmaslikni maslahat bermoqda, deb xabar qiladi RIA Novosti.
“Eng muhim maslahat: Putinga ishonmaslik... Putin bilan yuzma-yuz uchrashmaslikni maslahat bergan bo‘lardim”, - degan Poroshenko.
Qolaversa, u Zelenskiyga uchrashuv kun tartibiga Rossiyaning Ukraina uchun foyda keltirmadigan kelishuvlar to‘plamini shakllantirishiga imkon bermaslik uchun gaz masalasini kiritmaslikni maslahat bergan.
“Normand to‘rtligi” ko‘rinishidagi Ukraina bo‘yicha muzokaralar 2014-yil iyun oyidan buyon mavjud. Unda Rossiya, Germaniya, Ukraina va Fransiya yetakchilari Donbassdagi mojaroni tartibga solish masalalarini muhokama qilishadi. Navbatdagi sammit 9-dekabr kuni Parijda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.