TOShKENT, 6 dek - Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayevni kutib olish marosimida Germaniya kansleri Angela Merkel Qozog‘iston madhiyasini o‘tirgan holatda tingladi, buni Germaniya hukumatida tasdiqlashdi.
“Bu feyk emas, kansler madhiyani o‘tirgan holatda tingladi”, - deb tasdiqlashdi bundestagda.
Kuni kecha Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev rasmiy tashrif bilan Germaniyaga keldi.
So‘nggi payt Germaniyaga tashrif buyurgan xorijiy mamlakat prezidentlari bir necha uchrashuvlari davomida kansler Merkel stulda o‘tirib, davlat madhiyalarini tinglashi kuzatilgan.
Hindistonga noyabr oyida amalga oshirilgan tashrif vaqtida Merkel ikki davlat madhiyalarini o‘tirgan holatda tingladi. Xuddi shunday holat sentabrda Xitoyga amalga oshirilgan tashriflar chog‘ida takrorlandi.
Germaniya hukumati Angela Merkelning salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammo yo‘qligi haqida rasmiy ravishda ma’lum qildi.
Iyun oyidan beri Merkel bir necha marta rasmiy uchrashuvda o‘zini yomon his qilish holatlari yuz bergan. Jumladan, iyun oyida Merkelni Berlinda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda titroq bosgandi.
Iyul oyida Angela Merkel Finlandiya bosh vaziri Antti Rinne bilan uchrashuv vaqtida yana o‘zini yomon his qilgandi.
Keyinroq Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuv chog‘ida ham uni kuchli qaltiroq tutib qolgandi.
Yaqinda noyabr oyi oxirida Berlinda ko‘p tomonlama savdo va axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan anjumanda Angela Merkel sahnaga chiqayotgan vaqtda qoqilib yiqilgandi.