TOShKENT, 4 dek - Sputnik. Ayollar, maktab va kollej o‘quvchi qizlari o‘rtasidagi sodir bo‘layotgan “suitsid” holatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda shu yilda “Bosh suitsidolog” markazi joriy etildi.
Ayni damda IIV, prokuratura ushbu markaz bilan hamkorlikda ishlab, maktab hamda kollejlarda mavzu yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlarini o‘tkazib kelishmoqda. Bu haqda Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i - Baxtiyor Berdialiyev 5-dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan “Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlar haqida” mavzusidagi matbuot anjumanida Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
“Ayollar va maktab, kollej talaba qizlari o‘rtasida sodir bo‘layotgan ushbu suitsid holatlari o‘ylaymizki, oilaviy nizolar, ruhiyatga ta’sir qiluvchi arzimagan sabablar tufayli ham yuzaga kelyapti va buni kasallik deymiz. Bu borada “Bosh suitsidolog” lavozimi tashkil etilgan. “Suitsidolog” markazi viloyat markazlari, xususan Toshkent shahri bo‘yicha bir necha marotaba uchrashuvlar o‘tkazganmiz. “Suitsidolog”larning vazifasi bizning vazifamizga o‘xshash, ammo ular bizga bo‘ysunuvchi tashkilot emas”, - dedi Berdialiyev.