TOShKENT, 1 dek — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kanadada aviahalokatga uchragan o‘zbekistonliklar to‘g‘risida rasmiy ma’lumot berdi.
O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil 27-noyabr kuni Kanadaning Ontario provinsiyasida asli o‘zbekistonliklarni tashiyotgan samolyot halokati sodir bo‘lgan joy tegishli tuzilmalar tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgan.
Qayd etilishicha, samolyotning barcha parchalari puxta tahlil qilish uchun Toronto shahridagi maxsus tekshiruv markaziga yetkazilgan. Ayni paytda Kanada ma’murlari bilan birgalikda halok bo‘lganlarning jasadlarini aniqlashtirish va ularni qarindoshlariga topshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Elchixona Kanada TIV va huquqni himoya qilish idoralari vakillari, aviahalokatida vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlari, Toronto shahri va Texas shtatidagi (AQSh) o‘zbek diasporasi bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi.
“2 dekabr kuni O‘zbekiston Elchisi Javlon Vaxabov Toronto shahrida Kanada transport xavfsizligi kengashi vakillari va mahalliy tergov idoralari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi”, - deyiladi xabarda.
Halok bo‘lganlarning qarindoshlari uchun elchixonada tezkor telefon raqami ochilgan: +1 (202) 887-5300 (ichki raqam 1), +1 (202) 251-8298 (mobil), shuningdek, consul.washington@mfa.uz elektron pochta manzili.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanadada o‘zbekistonlik uchuvchi boshqargan samolyot halokatga uchragani jami yetti kishi qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi. Ular orasida uch nafar voyaga yetmagan bolalar ham bo‘lgan.