TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Toshkent va Maskat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi borasida ish olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi va Ummon Sultonligining elchisi Ahmad bin Said bin Umar al-Kasiriy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etilgan.
Elchi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, Toshkentdagi ijobiy o‘zgarishlarni alohida e’tirof etgan. Shuningdek, ayni paytda ba’zi sabablarga ko‘ra o‘zaro hamkorlik bo‘yicha imkoniyatlar to‘la ishga solinmaganligini ta’kidlagan.
Ummon Sultonligidan keluvchi turistlar uchun ham vizasiz tartibini joriy etish masalasi borasida tegishli tashkilotlar bilan ish olib borilayotganligi ham aytib o‘tilgan.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zaro hamkorlikka oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan.