TOShKENT, 25 noya - Sputnik. O‘zbekistonda 2019-yilning to‘qqiz oyi mobaynida jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga (1582 tagacha) kamaygan. Bu haqda Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Davron Ziyomatov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi matbuot anjumanda ma’lum qildi.
Jumladan, qasddan odam o‘ldirish 46,9 foizga (17 ta), qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 22,1 foizga (176 ta), o‘g‘rilik 36,9 foizga (556 ta), talonchilik 26,7 foizga (96 ta) va bezorilik 27,4 foizga (339 ta) kamaygan.
Ta’kidlanishicha, PPX saf bo‘linmalari xodimlari jamoat joylarida huquqbuzarlik sodir etgan yoki shubha uyg‘otgan 1,6 mln nafarga yaqin shaxslarni ichki ishlar organlari va tayanch punktlariga olib borishgan.
Hisobot davrida jami 3 282 ta jinoyat PPX saf bo‘linmalari naradlari ishtirokida, 471 tasi esa PPX xodimlari tomonidan bevosita fosh etilgani, 1 220 ta jinoyatning oldi olingani, jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 586 nafar va bedarak yo‘qolgan 131 nafar shaxs aniqlangani qayd etilgan.