TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tayotgan O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Prezident yarmarkada namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi. Ularning xaridorgirligi, lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Mahalliylashtirishni kengaytirish, import bo‘layotgan detallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish, sifatni ta’minlash orqali xaridor orttirish zarurligini ta’kidladi.
“Ishlab chiqaruvchi qachon rivojlanadi? Mahsulotining egasi bo‘lsa. Bu yarmarkaga kelgan har bir korxona va tadbirkor natijaga erishishi, oddiy gaykadan tortib katta mashinalargacha xaridorini topishi kerak. Uni ishtirokchilar rozi bo‘lguncha davom ettirish lozim”, - dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilgan elektron kooperatsiya birjasi – www.cooperation.uz portali haqida ham ma’lumot berildi.
Mazkur portal orqali ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlariga xaridor topishi, ularni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishi mumkin. Portal statistika, bojxona, soliq, sertifikatlashtirish idoralari ma’lumotlar bazasiga ulangan.