TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Kelgusi yildan boshlab O‘zbekiston Markaziy banki inflyatsiyani belgilangan miqdorda ushlab turishga qaratilgan (targetirovanie) pul-kredit siyosati olib boradi. Bu haqida yaqinda qabul qilingan prezident farmonida aytib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilda 10 %gacha pasaytirish va 2023 va undan keyingi yillarda inflyatsiyani 5 % darajasida doimiy ushlab turish rejalashtirilgan.
Markaziy bank ushbu maqsadga qaratilgan yangi pul-kredit siyosatini 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘tkazishni boshlaydi.
Buning uchun MB tijorat banklari tomonidan milliy valyutada yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi.
Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish va kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.
Yangi farmon bilan Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi va 2020-yilda inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.
Shuningdek, Inflyatsiya darajasini pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tashkil etilib, uning a’zolari inflyatsiya omillari va narxlar oshishiga olib kelayotgan sabablarni bevosita joyiga chiqqan holda tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.