TOShKENT, 19 noya - Sputnik. O‘qituvchi bo‘lishni istaydigan yoshlar soni ortmoqda, deb xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi.
Vazirlik o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, so‘ralgan 4,5 ming nafar yoshlardan 59 %i – o‘qituvchi kasbini tanlash istagi borligini bildirgan. Ulardan 21 %i davlat maktablarida, 8 %i - xususiy maktablarda va 7 %i - xususiy o‘quv markazlarida ishlashni xohlashini ma’lum qilgan.
Vazirlik xulosasiga ko‘ra, bunday bo‘lishiga so‘nggi vaqtlarda jamiyatda o‘qituvchilar mavqeyining oshib borayotgani sabab bo‘lgan. So‘ralganlarning ko‘pchilligi o‘g‘il-qizlar aynan davlat maktablarida ishlash istagida ekanligini bildirgan.
Shuningdek, o‘qituvchi kasbini tanlash sababi sifatida - yoshlarning aksariyati o‘qituvchilar mavqeyini oshishi bilan izohlagan. So‘ralganlarning 51 %i aynan shu sababni aytishgan. Shuningdek 10 % respondentlar maoshlar oshayotganini, 34 % - esa bolalar bilan ishlashni yaxshi ko‘rishini aytgan.
O‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini yomon deb hisoblaydiganlar 5 %, yaxshi deydiganlar esa – 28 %ni tashkil qilgan.