TOShKENT, 16 noya - Sputnik. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati shogirdlariga kuch ishlatgan va qo‘pol muomala qilgan kurash bo‘yicha trener Abbos Hasanov ishdan olingani haqida xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yil 23-sentabr kuni kurash bo‘yicha trener Abbos Hasanovning 21-sentabr kungi mashg‘ulotlarga sababsiz kelmagan o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Videoda kadrlarda Hasanov shogirdlariga qo‘pol so‘zlar aytib, ularga nisbatan kuch ishlatgan hamda pedagogika etikasiga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlarni sodir etgani aks etgan.
Mazkur holat yuzasidan 2019-yilning 11-oktabrida Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda trener Hasanovning o‘quvchilarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lganligi hamda kuch ishlatganligi muhokama qilingan.
Yig‘ilish yakunida Hasanovga pedagoglarga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun intizomiy chora ko‘rish belgilangan, jumladan, O‘zbekiston Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan Abbos Hasanovga nisbatan "hayfsan" intizomiy jazo chorasi berilgan.
Biroq, mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, Surxondaryo viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan sodir bo‘lgan holat atroflicha o‘rganib chiqilgan. Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati direktorining buyrug‘iga asosan 2019-yil 14-noyabrdan e’tiboran trener Hasanov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.