TOShKENT, 15 noya - Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro turizm yarmarkasida so‘zga chiqqan rossiyalik artist Yuriy Stoyanov O‘zbekistonni qanday yazshi ko‘rib qolganini aytib berdi, O‘zAga asosan.
“Barchani, Ikkinchi jahon urushi vaqtida mening onamni va yana millionlab kishilar hayotini saqlab qolgan O‘zbekistonni sevishga chaqiraman, - dedi Stoyanov. – Onam bir necha yil O‘zbekistonda yashagan va u menga o‘zbek xalqi, uning mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi haqida iliq so‘zlar aytgan.”
Shundan so‘ng aktor barchani O‘zbekistonga tashrif buyurish va bu yerda mazali mevalardan tatib ko‘rish, tabiatni kuzatish hamdq o‘zbek halqining mehmondo‘stligidan bahramand bo‘lishga chaqirdi.
“Reklamada ko‘pincha aldov bo‘ladi, lekin O‘zbekiston brendida unday emas. Unda faqat muhabbat va ishonch bor. Men ko‘p marta O‘zbekistonda bo‘lganman. Ushbu mamlakat tarixi, madaniyati va urf-odatlari haqida ko‘p narsalarni bilib olganman. O‘zbekiston yakka turistlar uchun ham xavfsizdir. Bu yerda istalgan shaharda kun yoki tunning istalgan vaqtida ko‘chalarda sayr qilib yurish mumkin”, - dedi artist.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yilning mart oyida Rossiya xalq artisti Yuriy Stoyanov O‘zbekiston brendining Rossiyadagi turizm elchisi etib saylangan edi.