TOShKENT, 14 noya – Sputnik. 2017-yil mart oyidan avgustiga qadar prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati rahbari bo‘lib ishlagan Asadjon Ozodbekovich Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Hukumat qarori qabul qilindi.
Asadjon Xo‘jayev 2004–2011 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, 2011-2012 yillarda Intellektual mulk agentligi, 2012-2017 yillarda - Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga rahbarli lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. U 2017-yil mart-avgust oylarida prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati rahbari bo‘lib ishlagan. Keyinchalik O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Xo‘jayev 2018-yil avgustidan buyon Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.