TOShKENT, 14 noya – Sputnik. “Paxtakor” stadionida Jahon chempionati-2022 saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘zaro to‘qnashdi.
O‘yinning 15 daqiqasida terma jamoa hujumchisi Eldor Shomurodov birinchi gol muallifiga aylandi va ustunlik “oq bo‘rilar” tomonga o‘tdi. O‘yin davomida Rustamjon Ashurmatov raqib hujumchisini ushlab qolib yiqitdi. Hakam O‘zbekiston darvozasi tomon penalti belgiladi. Raqib bundan unumli foydalanib, 23 daqiqada hisobni tenglashtirdi.
O‘yinning 56 daqiqasida Otabek Shukurov raqib darvozasiga belgilangan penaltidan unumli foydalandi. Kuchli zarbasi bilan to‘pni raqib darvozasiga yo‘llab, darvozabonni dog‘da qoldirdi.
Uchrashuvning 85 daqiqasida saudiyaliklar uzoq masofadan gol kiritishdi va hisob tenglashdi. 89 daqiqada Saudiya Arabistoni yana gol urib, hisobda oldinga chiqib oldi. O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni bahsi 2:3 hisobida raqib foydasiga hal bo‘ldi.
O‘zbekiston Jahon chempionati-2022 saralash bosqichining “D” guruhidan o‘rin olgan. Guruhda O‘zbekiston terma jamoasiga Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman hamda Singapur termalari raqiblik qiladi.
“Oq bo‘rilarning” Jahon chempionati-2022 saralash bosqichi doirasidagi navbatdagi bahsi 19-noyabr kuni Falastinga qarshi bo‘lib o‘tadi.