TOShKENT, 14 noya – Sputnik. O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 3,2 barobarga kamaydi. Bu haqda Senati raisi Tanzila Norboyeva “Odam savdosiga qarshi kurashishda sudlarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktik va tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilishi tufayli erishilgan.
“Shuningdek “majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida ko‘rilgan choralar natijasida birgina joriy yilning o‘zida 250 nafarga yaqin mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanildi”, - deya qo‘shimcha qildi Senat raisi.
Norboyeva “Cotton Campaign”, “Human Rights Watch” kabi xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini inobatga olib, odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekiston egallagan o‘rnini yaxshilashga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Senat raisi xorijdagi fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinganiga ham urg‘u berib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. 2019-yilda prezident farmoni bilan Senat raisi rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etilgan.